Saytdagi oxirgi ma'lumot yangilangan sana: 2-сентябрь 2025, 16:48
 Bosh sahifa  Mobile versiya

Mamlakatimiz maktablari o‘quvchilari va ustoz-murabbiylariga


Qadrli farzandlarim! 
Hurmatli ustoz va murabbiylar!
Muhtaram ota-onalar!

Avvalo, siz, azizlarni yurtimizdagi 10 mingdan ziyod maktablarda O‘zbekiston mustaqilligining 34 yillik bayramiga uyg‘un holda o‘tayotgan Bilimlar kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Ushbu shukuhli ayyomda “Birinchi qo‘ng‘iroq”lar jarangi ostida ilk bor maktab ostonasiga qadam qo‘yayotgan
720 mingdan ortiq o‘g‘il-qizlarimiz va nabiralarimizni, ularning ota-onalarini alohida qutlab, o‘zimning eng ezgu tilaklarimni izhor etishdan g‘oyat mamnunman. 
Hech shubhasiz, keyingi yillarda butun yurtimiz kabi maktablarimiz qiyofasi ham tubdan o‘zgarib, ular tom ma’noda Yangi O‘zbekiston timsoliga aylanib borayotgani barchamizni cheksiz quvontiradi. Chunki maktab qanchalik obod va charog‘on bo‘lsa, jamiyat hayoti shunchalik farovon, mazmunli va ma’rifatli bo‘ladi. 
Shu ma’noda, mamlakatimizda ta’lim-tarbiya jarayonlari tobora takomillashib borayotgani, har yili ko‘plab yangi o‘quv maskanlari barpo etilayotgani, ularning moddiy-texnik bazasi mustahkamlanib, maktab ishi umumxalq harakatiga aylangani – keyingi davrda erishgan eng katta yutuqlarimizdan biri, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.
Chindan ham, ko‘zlari ilmga havas va hayajon bilan chaqnab turgan sizdek azmu shijoatli yoshlarimizga  yuksalish va kamolot, baxt va saodat eshiklarini ochib beradigan muqaddas dargoh – maktablarimiz ravnaqida biz xalqimiz, millatimizning yorug‘ kelajagini ko‘ramiz. Bugungi kunda o‘z oldimizga qo‘yayotgan katta-katta maqsadlarga erishishning asosiy omili, bosh kalitini, avvalo, ta’limda, maktablarimizda, deb bilamiz. 
So‘nggi yillarda o‘quvchi yoshlarimiz hurmatli ustoz va murabbiylari bilan birgalikda ana shunday yuksak e’tiborni chuqur his etib, o‘qishda, ijodda, sportda, jamoat ishlarida muhim g‘alabalarni qo‘lga kiritayotgani bizga albatta qo‘shimcha kuch-g‘ayrat, ilhom va ishonch bag‘ishlaydi. 
Ko‘plab maktab bitiruvchilari mamlakatimizdagi nufuzli oliy o‘quv yurtlari bilan birga xorijdagi yetakchi universitetlarga yuqori ball bilan o‘qishga kirayotgani, hayotda o‘z munosib o‘rnini topib, Yangi O‘zbekiston taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shayotgani hayotimizda maktabning, ustoz-murabbiylarning ahamiyati yanada ortib borayotganini ko‘rsatadi. 
Ishonchim komil, siz, azizlar ana shunday ezgu an’analarni munosib davom ettirasiz va yuksak bosqichga ko‘tarasiz.   
Hech qachon unutmang, maktab – bu mo‘jiza, kitob, ustozlar o‘tadigan har bir dars – beqiyos xazinadir.
Oldingizga aniq maqsad qo‘yib, bor kuch-g‘ayratingiz, bilim va qobiliyatingiz bilan harakat qilsangiz, ko‘zlagan marralarga albatta yetasiz.
Bu yo‘lda sizlarga sihat-salomatlik, yutuq va zafarlar tilayman.
Yangi o‘quv yili barchangizga muborak bo‘lsin!


Shavkat Mirziyoyev,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti