Saytdagi oxirgi ma'lumot yangilangan sana: 14-ноябрь 2024, 21:04
 Bosh sahifa  Mobile versiya

Oliy ta’lim muassasalariga qabul jarayonlarida qanday o‘zgarishlar bor?

Taraqqiyotning tamal toshi, mamlakatni qudratli, millatni buyuk qiladigan kuch – ilm-fan va ta’lim-tarbiya. Ertamiz, yorug‘ istiqbol, birinchi navbatda, ta’lim tizimi va farzandlarimizga berayotgan tarbiyamizga bog‘liq.

Bugungi kundagi eng muhim, ko‘pchilikka qiziq mavzulardan biri oliy ta’lim muassasalariga qabul jarayonlari sanaladi.
Bu borada o‘tgan yilgi harakatlar natijasi, joriy yil kuzatiladigan o‘zgarishlar haqida Bilim va malakalarni baholash agentligi direktori Majid KARIMOV O‘zA muxbiriga quyidagilarni gapirib berdi:
– 2023/2024 o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha o‘tkaziladigan test sinovlarida 1 million 200 ming nafarga yaqin abituriyent ro‘yxatdan o‘tishi kutilmoqda, – deydi Majid Karimov. – Test sinovlarining so‘ngi uch yilda ochiq turdagi stadion va xiyobonlarda o‘tkazilishi natijasida test sinovida ishlatilgan javoblar varaqlariga chang va qum o‘rnashib qolib, ularni o‘qishga mo‘ljallangan optik qurilmalar yaroqsiz holatga kelib qolmoqda.
Bundan tashqari, test sinovlarining ochiq maydonlarda o‘tkazilishi abituriyentlar va ularning ota-onalari uchun ham bir qator noqulayliklarni keltirib chiqardi. Jumladan, abituriyentlarni quyoshning issiq nuridan himoya qilish maqsadida test sinovlari ikki smenada – soat 07:00 dan 10:00 gacha hamda 19:00 dan 22:00 gacha o‘tkazildi.
Bu esa abituriyentlarning birinchi smenadagi test sinovlariga yetib kelishi, ikkinchi smena tugagandan keyin esa yashash manzillariga yetib olishlarida muammolar yuzaga kelishiga sabab bo‘ldi.
Bugungi kunda yurtimizda epidemik holatning barqarorlashgani va Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan dunyoda pandemiya yakunlangani e’lon qilinganidan kelib chiqib, test sinovlarini yopiq turdagi katta sig‘imli binolarda o‘tkazish taklif etilmoqda.
Shundan kelib chiqib, joriy yilda test sinovlarini o‘tkazish uchun 92 ta yopiq turdagi katta sig‘imli binolar tanlab olindi hamda ularning reja chizmalari tayyorlanib, mahalliy hokimlik va idoralar bilan kelishildi.
Test sinovlarini adolatli va shaffof o‘tkazish maqsadida guruh nazoratchiligiga nomzodlarni keng jamoatchilik orasidan ochiq tanlov o‘tkazish orqali tanlab olish yo‘lga qo‘yildi.
Shu maqsadda joriy yilning yanvar-fevral oylarida elektron platforma orqali 8 ming 956 nafar talabgor guruh nazoratchiligiga nomzod sifatida ro‘yxatdan o‘tdi. Ushbu talabgorlar uchun maxsus o‘quv mashg‘uloti tashkil etildi va ular o‘quv yakunida test sinovidan o‘tkazildi. Sinovdan muvafaqqiyatli o‘tgan talabgorlar bilan suhbat o‘tkazilib, 4 ming nafarga yaqini guruh nazoratchisi sifatida tanlab olindi.
Bundan tashqari gapirish va eshitishda nuqsoni bo‘lgan abituriyentlarga qulaylik yaratish maqsadida 150 nafarga yaqin surdotarjimon pedagoglarni test sinovlari jarayoniga jalb etish uchun shartnomalar tuzildi.
Ta’lim yo‘nalishlari ro‘yxati va ularga mos test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi 2022 yil 21 dekabrda ma’lum qilingan.
Test topshiriqlari soni, baholash mezoni va javoblar varaqasi namunasi 2023 yil 5 mayda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan tasdiqlangan va ommaviy axborot vositalarida e’lon qilingan.
Abituriyentlar oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun 20 iyundan 20 iyulgacha (shu kuni ham) Bilim va malakalarni baholash agentligining sayti yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ro‘yxatdan o‘tkaziladi.
Bunda chet tili fanidan tinglab tushunish, o‘qish, yozish, gapirish kompetensiyalarini aniqlash va baholashga qaratilgan ijodiy imtihon o‘tkaziladigan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga abituriyentlarni ro‘yxatga olish 10 iyul kuni (10 iyul kuni ham) yakunlanadi.
Agentlik tomonidan abituriyentlar va ularning ota-onalarini qiziqtirgan savollarga javob berish uchun doimiy xizmat ko‘rsatadigan 1195 qisqa raqamli murojaatlar markazi autsorsing asosida faoliyat yuritmoqda.


 
O‘zA muxbiri
Barno MELIQULOVA
yozib oldi.