Saytdagi oxirgi ma'lumot yangilangan sana: 25-декабрь 2024, 15:10
 Bosh sahifa  Mobile versiya

Prezident topshirig‘i amalda: ta’lim sifatining yangi bosqichi

Davlatimiz rahbari raisligida joriy yil 20 yanvar kuni maktablarda xorijiy tillar va kasb o‘rgatish tizimini rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan kengaytirilgan yig‘ilishda maktab o‘quvchilari kamida ikkita xorijiy til va bitta kasb-hunarga o‘rgatilishi ustuvor vazifa etib belgilangan edi.
Bu borada Buxoro viloyatida ham zarur chora-tadbirlar ishlab chiqilib, dastlabki harakatlar boshlandi.  
– Ayni paytda viloyatda mavjud maktablarning 518 tasida ta’lim o‘zbek, 29 tasida rus-o‘zbek, 4 tasida rus, 10 tasida qozoq tillarida olib borilyapti, – deydi Buxoro viloyati xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Farrux Qurbonov. – Viloyatdagi 491 ta umumta’lim maktablarida ingliz tili, 55 tasida nemis, 49 tasida fransuz tili xorijiy til sifatida o‘qitiladi. Buxoro shahridagi 42-umumta’lim maktabida koreys va ingliz, 4- ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabida ingliz va nemis, G‘ijduvon tumanidagi 62-son ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabida ingliz va fransuz tillari, ya’ni, ikkita xorijiy til o‘qitilishi yo‘lga qo‘yilgan.Kasb o‘rgatish yo‘nalishida 483 ta maktabda texnologiya xonalari mavjud. Ularning 429 tasi belgilangan talablar asosida jihozlangan. 2022-2023 o‘quv yilida viloyatdagi umumta’lim maktablarini 21 944 nafar o‘quvchi bitirishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, ularning bandligini ta’minlash bo‘yicha rejalar belgilab olindi. 17074 nafar o‘quvchilar oliy ta’lim muassasalarida, 1 625 nafari texnikumlarda va 970 nafari kollejlarda o‘qish istagani bildirgan bo‘lsa, yana 1 008 nafari tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishni, 677 nafari o‘zini o‘zi band qilishni hamda 590 nafari ishga joylashishni maqsad qilgan.  
O‘quvchilarni kamida ikkita xorijiy til va bitta kasb-hunarga o‘rgatish maqsadida Buxoro shahri, G‘ijduvon hamda Shofirkon tumanlaridan 3 tadan maktab tajriba tariqasida tanlab olindi. Ushbu 3 ta hududda jami 169 ta umumta’lim maktablari faoliyat yuritayotgan bo‘lib, ularda 130 788 nafar o‘quvchilar tahsil olmoqda. Maktablarda 117 ta texnologiya fani xonalari mavjud. 91 tasi belgilangan talablar asosida jihozlangan. Bundan tashqari, mazkur hududlardagi 20 ta professional ta’lim muassasalarida maktab o‘quvchilarini kasb-hunarga o‘rgatish bo‘yicha zarur sharoitlar yaratilgan. 
Tajriba-sinov tariqasida maktab bitiruvchilari “Yoshlar kelajagimiz” jamg‘armasi hisobidan 20 ta, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan 37 ta hamda Maktabagacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan 18 ta kasblarga o‘rgatiladi.  
Mazkur jarayonlar istiqbolda viloyatning barcha maktablarida olib borilishi ko‘zda tutilgan. Mavjud imkoniyat va ehtiyojlardan kelib chiqib, viloyat maktablarida o‘quvchilarni kasbga tayyorlash maqsadida 8 ta yo‘nalish ixtisosligi bo‘yicha 64 ta kasblar o‘rgatilishi rejalashtirildi.  
Shuningdek, viloyat maktablarida faoliyat yuritayotgan malakali pedagoglar salohiyatidan foydalanib, barcha umumta’lim maktablarida xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha to‘garaklar tashkil etiladi. Shu bilan birga, oliy ta’lim muassasalarining xorijiy til yo‘nalishi bo‘yicha kafedra o‘qituvchilari maktab o‘quv jarayonlariga jalb qilinadi.  
2023-2024 o‘quv yildan boshlab har bir tuman (shahar)da bittadan jami 13 ta maktabda, jumladan Romitan, Qorako‘l, Olot, Shofirkon va Qorovulbozor tumanlarida fransuz tilini, Kogon shahri, Kogon, Jondor va Peshku tumanlarida nemis tilini, Buxoro shahar, Vobkent va G‘ijduvon tumanlarida ingliz tilini, Buxoro tumanida koreys tilini o‘qitish joriy etiladi. Umumta’lim maktablarida faoliyat yuritayotgan 3 ming nafardan ortiq xorijiy til o‘qituvchilarining bilim va ko‘nikmalarini oshirish maqsadida o‘quv-seminarlari va maqsadli malaka oshirish kurslari tashkil qilinadi.  
Maktab bitiruvchilarini kasb-hunarga tayyorlash jarayonlariga hududda joylashgan professional ta’lim muassasalarining ishlab chiqarish ustalari, mahoratli hunarmandlari jalb etiladi. Umumta’lim maktablari axborot texnologiyalari xonalaridagi mavjud imkoniyatlardan foydalangan holda o‘quvchilar 10 dan ortiq zamonaviy kasblar (kreativ industriya)ga o‘rgatiladi.  


Zarif Komilov, O‘zA