Saytdagi oxirgi ma'lumot yangilangan sana: 25-декабрь 2024, 15:10
 Bosh sahifa  Mobile versiya

Yangi o‘quv yili uchun rossiyalik mualliflar bilan hamkorlikda 2-11-sinf rus tili darsliklari yaratildi

2020 yildan boshlab Milliy o‘quv dasturi loyihasi doirasida xalqaro tajriba hamda mehnat bozori talablarini hisobga olgan holda, umumtaʼlim maktablari uchun 22 ta fandan, xususan, rus tili fanidan zamonaviy taʼlim standartlari, o‘quv dasturlari hamda ilg‘or metodikalarni, baholash tizimini ishlab chiqish maqsad qilingan.
Milliy o‘quv dasturi asosida yaratilgan Rus tili darsliklarida endi fanni xorijiy til sifatida o‘qitishga, o‘quvchida o‘qib tushunish, tinglab tushunish, fikrni yozma va og‘zaki tarzda ifodalay olish kabi 4 ta ko‘nikmani shakllantirishga eʼtibor qaratildi.
O‘zbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi qoshidagi Respublika taʼlim markazi hamda A. I. Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universiteti hamkorligida O‘zbekistondagi maktablarda rus tili fanini va umumtaʼlim fanlarini rus tilida o‘qitishning sifatini oshirishga qaratilgan “Zo‘r!” loyihasi doirasida taʼlim o‘zbek va qardosh tillarida olib boriladigan maktablarning 2-11-sinf darsliklari yaratildi va chop etiladi.
Ahamiyatli jihati, darslikda o‘quvchining tinglab tushunish ko‘nikmasini rivojlantirish maqsadida audiomatnlarga ham murojaat qilingan. Bolalar darslik uchun yaratilgan AR ilovasi orqali audiolarni tinglashlari, agar tinglashning imkoni bo‘lmasa matn shaklida o‘qishlari mumkin.
2-sinfdan 11-sinfgacha bo‘lgan rus tili darsliklarining har birida yangi mavzuni vizual qabul qilishning afzalliklarini inobatga olgan holda, ko‘plab rasmlardan foydalanilgan. Har bir sinf darsligiga 2 tadan loyiha ishi, darslikning oxirida 7 ta tildagi lug‘at ham kiritilgan.
Bugun, 17 iyun kuni Toshkent shahri Mirobod tumanidagi 110-maktabda rossiyalik hamda o‘zbekistonlik mualliflar ishtirokida o‘qituvchilar uchun mazkur darsliklarning taqdimoti o‘tkazildi.